Tish kasalliklarining yurak bilan aloqasi bormi ?
Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, milk kasalliklari mavjud bo‘lgan insonlarda yurak kasalliklari milk kasalliklari mavjud bo‘lmagan insonlarga qaraganda 25% baravar ko‘p uchrar ekan. Demak, tish va milk sog‘lig‘iga qarab organizm sog‘lig‘i holatini bemalol bilib olsa bo‘ladi.
Doktor Vilyam Duglas aytganidek, tishlar bu organizm holatini ko‘rsatib turuvchi oynadir. Tishlar buzilayotgan bo‘lsa, bu organizm holatining umumiy yomonlashayotganini bildiradi. Arteriyalarning qattiqlashishi va tishlarning buzilishi organizmda umumiy buzilish (degeneratsiya) jarayonining boshlanganini bildiradi. Tish buzilishi birinchi boshlanadi va buni ko‘z bilan ko‘ra olasiz. Ateroskleroz esa ko‘zga ko‘rinmasdan rivojlanadi. Tish buzilishi ham ateroskleroz ham bir xil degenerativ (buzilish) jarayonining natijasi hisoblanadi.
Doktor va stomatolog Ramiel Nagel xulosalariga ko‘ra tishlarni to‘g‘ri ovqatlanish yordamida tiklasa bo‘ladi. Bu tiklanish jarayoni regeneratsiya deb ataladi. Tishlarning buzilishi yoki tiklanishi har kuni sodir bo‘ladi, faqat biz buni sezmaymiz. Og‘izga solingan har bir luqma tish (va organizmdagi boshqa jarayonlarning) tiklanishi yoki aksincha buzilishiga hissa qo‘shadi.
Regeneratsiya jarayoni og‘izga olingan har bir luqmadan so‘ng boshlanishi mumkin. Buzilish, yaʼni degeneratsiya jarayoni ham og‘izga olingan har bir luqmadan so‘ng boshlanishi mumkin. Bu degani og‘zimizga solayotgan har bir ozuqaning qanday ekanligiga katta ahamiyat berishimiz nihoyatda muhimdir. Zararli mahsulot ozgina yeyilsa hech narsa qilmaydi, degan tushuncha noto‘g‘ridir.
Ovqatlanish to‘g‘ri bo‘lmasa, tish yuvishning o‘zi tish sog‘lig‘ini taʼminlab bera olmaydi.
Tish va yurak salomatligini taʼminlash uchun doim to‘g‘ri ovqatlanish, kerakli foydali yog‘lar isteʼmol qilish, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish, va quyosh (UVB) nurlaridan bahramand bo‘lish muhim.
To‘g‘ri ovqatlanish deganda yetarli oqsil va yetarli foydali yog‘lar isteʼmol qilish, kraxmalli uglevodlarni esa iloji boricha kamroq isteʼmol qilish kerak deganidir. Organizmni oqsil bilan boyitish uchun go‘sht, tuxum, tovuq, baliq, yong‘oqlar, urug‘lar, yashillik bilan boqilgan hayvon sut mahsulotlari kabilarni isteʼmol qilsa bo‘ladi. Foydali yog‘larga yashillik bilan boqilgan hayvon sutidan ajratilgan saryog‘, qo‘y yog‘i, kokos yog‘i, g‘oz yog‘i, yong‘oq, urug‘lar, avokado, isitilmagan va rafinadlanmagan zaytun yog‘i va shu kabilarni misol qilsa bo‘ladi.
Qondagi triglitseridlarni (qonda uchraydigan yog‘ turini) kamaytirish uchun yog‘ kam yeyish emas, balki kraxmalli uglevodlar, shakar, spirtli ichimliklarni isteʼmol qilmaslik kerak. Sifatsiz yog‘larni ham isteʼmol qilmaslik muhim. Sifatsiz yog‘larga rafinadlangan o‘simlik yog‘lari, trans yog‘lar, margarin, gidrogenlashtirilgan yog‘lar, geni o‘zgartirilgan mahsulotlardan olingan yog‘lar kiradi. Qizdirilganida tarkibi buziladigan yog‘larni ham ovqat qilishda ishlatmaslik kerak (masalan, paxta yog‘i, zig‘ir yog‘i).
Don va shakarli uglevodlar yog‘ga aylanadi va qon tizimida aylanadi. Demak, yurak va umumiy badan sog‘lig‘ini taʼminlash uchun shakar va oq unli mahsulotlarni (non, bulka, shirin pishiriqlar, pitsa) isteʼmol qilmaslik to‘g‘ri bo‘ladi.
Uglevodlarning hammasi ham zararli emas. Baʼzi uglevodlar juda ham foydalidir, masalan brokkoli, gulkaram, ismaloq, qalampir va boshqa rang-barang sabzavotlar organizm uchun juda foydalidir
©ZAYTUN MED TIB
Kanalga ulanish uchun link👇
👉👉👉@ecotib_uz👈👈👈